Bo‘lajak filolog yoshlar Qurolli Kuchlar akademiyasiga sayohat qildi

0
360

Bugun, 24-sentabr kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi filologiyaga ixtisoslashgan maktabning bir guruh o‘quvchi yoshlari uchun akademiya Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi va Umumqo‘shin fakulteti 2-kursantlar batalyoni tashabbusi bilan harbiy-vatanparvarlik tadbiri va ekskursiya tashkillashtirildi.

Ekskursiya davomida o‘quvchi yoshlarga O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar, akademiyada yaratilgan sharoitlar, jumladan, kursantlarning o‘quv jarayonida zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, modellashtirish va simulyatsiya usullaridan foydalanib kelinayotganligi, adabiyotlarga boy axborot-resurs markazi, kursantlarning yashash va o‘qish sharoitlari haqida ma‘lumotlar berildi. Suhbat yakunida o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga kursant va o‘qituvchilar tomonidan javob qaytarildi.

 

O‘quvchi yoshlar akademiyaning katta majlislar zaliga taklif etilib, “Milliy armiya – barqaror taraqqiyot kafolati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir davomida Qurolli Kuchlar akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan akademiyaga kirish tartibi bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Tadbir so‘ngida o‘quvchilarga Qurolli Kuchlar akademiyasi faoliyati aks ettirilgan hujjatli film namoyish etildi va bukletlar tarqatildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti